← Orqaga
searchTV.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Parkentga elektropoyezdda bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkent shahridan Parkent tumaniga elektropoyezdda keldi. Davlat rahbarining 2025-yil 27-yanvardagi qaroriga muvofiq, poytaxt bilan Parkent tumanini bog‘lash maqsadida yangi elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasi qurildi. Joriy yilning sentabr oyidan Toshkent - Parkent yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur temiryo‘l poytaxt va Parkent o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash bilan birga aholining harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish, tumanning turistik jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Loyiha doirasida 535,4 milliard so‘m hisobidan 24 kilometrlik Baytqo‘rg‘on - Parkent elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasi qurildi. Shuningdek, bitta yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 77 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temiryo‘l kesishmasi barpo etildi. Loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Toshkent va Parkent o‘rtasidagi umumiy masofasi 57,6 kilometr bo‘lgan yo‘nalishda oltita vagondan iborat zamonaviy EP3D elektropoyezdi qatnamoqda. Qiymati 124 milliard so‘mlik poyezd 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Elektropoyezd Toshkentdan Parkentgacha bo‘lgan masofani 1 soat 13 daqiqada bosib o‘tadi. Yo‘l haqi 10 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi taksi xizmati o‘rtacha narxidan 2,5 barobar arzon. Yangi yo‘nalishda kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati mavjud. Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan bo‘lib, vagonlar iqlim nazorati tizimi, qulay o‘rindiqlar va bepul Wi-Fi bilan jihozlangan. Shavkat Mirziyoyev safar davomida Parkentning yangi vokzal stansiyasi bilan ham tanishdi. Vokzallarda xizmat sifatini oshirish va tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar, velosipedlarni tashish moslamalari va xavfsizlik tizimlari o‘rnatilgan. Ushbu loyiha mintaqada transport infratuzilmasini yaxshilashda muhim qadam bo‘ldi.
Ulashish