Jamiyat
Yaponiyada ishlash uchun nomzodlar Angrendagi markazda saralanishi kutilmoqda
Oktabr oyida Yaponiyaning yirik transport-logistika kompaniyalari vakillarining O zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu tashrif doirasida Angren shahridagi Uzbekistan Proud Academy markazida Yaponiyada ishlash istagida bo'lgan nomzodlar bilan saralash suhbatlari o tkazilishi koʻzda tutilgan. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, mazkur masalalar Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida Proud Partners kompaniyasi rahbariyati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda batafsil muhokama qilingan. Muzokaralar chogʻida Angren shahrida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan Uzbekistan Proud Academy (UPA) markazi negizida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, oʻzbekistonlik yoshlarga yapon tilini oʻrgatish, ularga zarur kasbiy koʻnikmalarni singdirish hamda kelgusida Yaponiyada munosib ish oʻrinlariga joylashtirish mexanizmlari koʻrib chiqildi. Rejalashtirilayotgan tashrif davomida yaponiyalik ish beruvchilar markazning kundalik faoliyati, yaratilgan oʻquv infratuzilmasi bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ular kelgusida Yaponiyada ishlash uchun nomzodlarni tanlab olish maqsadida maxsus suhbatlar oʻtkazishi kutilmoqda. Mazkur hamkorlik oʻzbekistonlik fuqarolarning Yaponiyada ishga joylashish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xorijiy ish beruvchilar bilan bevosita aloqalarni mustahkamlash va transport-logistika sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi. Hozircha tarqatilgan xabarlarda saralash suhbatlarining aniq sanasi, nomzodlarga qoʻyiladigan asosiy talablar hamda ariza topshirish tartibi boʻyicha ma'lumotlar keltirilmagan.
Ulashish