Jahon yangiliklari
Rossiyadan uchib ketish arafasida yapon jurnalisti josuslik gumoni bilan ushlandi
Rossiyaning Saxalin viloyatida Yaponiyaning Hokkaido Shimbun gazetasi muxbiri Imai Yuki josuslik gumoni bilan ushlandi. Rossiya OAV ma'lumotiga ko'ra, u mamlakatdan uchib ketish arafasida qo'lga olinib, Moskvaga olib kelingan. Sud jurnalistni kamida ikki oyga qamoqqa olgan.
DW xabariga ko'ra, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 13-oktabr kuni jurnalist Federal xavfsizlik xizmati - FXX tomonidan ushlanganini ma'lum qilgan. Imai Yuki Rossiya TIV akkreditatsiyasiga ega bo'lgan. Interfaks huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayanib, shu kuni Moskvaning Lefortovo sudi muxbiriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo'llaganini xabar qilgan.
FXX talqiniga ko'ra, jurnalist Rossiya mudofaa qobiliyatiga aloqador ma'lumotlarni Yaponiya razvedkasi topshirig'i asosida to'plagan va saqlagan. Rossiya maxsus xizmati bu ma'lumotlar mamlakat xavfsizligiga qarshi foydalanish uchun yetkazilishi ko'zlanganini da'vo qilmoqda.
Xususan, FXX Imai Yuki Kuril orollarida Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilinganlar va ko'ngillilar soni haqida ma'lumot to'plagan deb hisoblamoqda. Rossiya TIV esa Tokio Rossiyadagi xorijiy jurnalist maqomiga ega muxbiri orqali xavfsizlikka daxldor ma'lumotlarni olishga uringanini da'vo qilgan.
Keltirilgan xabarda Yaponiya tomoni yoki jurnalist tahririyatining ushbu gumonlarga munosabati berilmagan. Interfaks ma'lumotiga ko'ra, josuslik moddasi bo'yicha aybi isbotlansa, jurnalistga 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Ostorojno, novosti Telegram kanali Imai Yuki kamida 2014-yildan buyon Rossiyaga kelib turgani va Sankt-Peterburg davlat universitetida o'qiganini yozgan. Uning talabalik davridagi ijtimoiy tarmoq sahifalarida Rossiya teatrlari va muzeylaridan olingan suratlar bo'lgan.
Muxbir Hokkaido Shimbun uchun Xabarovskda Yaponiya ustidan g'alaba va Ikkinchi jahon urushi tugashiga bag'ishlangan yodgorlik ochilishi hamda Rossiya va Shimoliy Koreya munosabatlari haqida materiallar tayyorlagan. Uning so'nggi maqolasi 5-oktabr kuni chop etilgan bo'lib, Yujno-Saxalinskdagi Shimoliy Koreya fuqarolari haqida so'z borgan.
Ulashish