Siyosat
Tramp: Pekin va Moskva Eronga yordam berayotganiga ishonmayman!
Reuters agentligining xabar berishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy va Rossiya Eronga yordam berayotganiga umuman ishonmasligini qattiy ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, agar Moskva va Pekin Tehronni qo'llab-quvvatlasa, juda ko'p narsani boy berishi mumkin. Amerika yetakchisi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o'z muxoliflari va tanqidchilarining Xitoy hamda Rossiya Eronga ko'maklashayotgani haqidagi fikrlaridan xabardorligini o'ziga xos tarzda bildirdi. Trampning qayd etishicha, garchi qandaydir yordam berilayotgan bo'lsa ham, bu juda arzimas darajada bo'lishi mumkin, ammo Vashington bunday harakatdan juda tez xabar topgan bo'lardi. Avvalroq ham AQSh prezidenti Xitoy va Rossiya rahbarlari ushbu mojaro va vaziyatda betaraf ekanini bir necha bor ta'kidlab o'tgan edi. Biroq aslida Pekin va Moskva Eron Islom Respublikasi bilan yaqin aloqalarni izchil saqlab kelayotgani sir emas. O'tgan oyda AQSh rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpindan Eronga yordam bermaslikni so'ragan va Pekindan tegishli kafolat olganini bildirgan edi. Shunga qaramay, ommaviy axborot vositalarida Xitoy Eronga ko'chma havo hujumidan himoya tizimi yetkazib bergani va neft sanksiyalarini chetlab o'tishga ko'maklashgani haqida turli xabarlar tarqalgan edi. Biroq Donald Tramp bunday mazmundagi barcha ma'lumotlarni qat'iyan inkor etib kelmoqda va bu kabi da'volarning asosiga ishonmasligini ko'rsatmoqda.
Ulashish