← Orqaga
searchTV.uz

8 million dollarlik firibgarlikda bankning kiberxavfsizlik xodimi ham qatnashgani aytilmoqda

Toshkent shahrida banklar nomidan qoʻngʻiroq qilib, fuqarolarning pullarini oʻzlashtirish va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirish bilan shugʻullangan uyushgan guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Mazkur tezkor-qidiruv tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida oʻtkazildi. Aniqlanishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi 1989–2005-yillarda tugʻilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, soxta koll-markaz tashkil etgan. Shuningdek, guruhga aloqador yana bir 1989-yilda tugʻilgan fuqaro mazkur xonadonga koll-markaz faoliyatida foydalanish uchun noqonuniy GSM-shlyuz qurilmasini oʻrnatgan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, guruhga Toshkent viloyatida yashovchi, 1979-yilda tugʻilgan va muqaddam sudlangan shaxs rahbarlik qilgan. Guruh aʼzolari turli banklar nomidan fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, goʻyoki firibgarlar ularning nomiga kredit olishga urinayotganini aytishgan. Shu bahonada jabrlanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritib, bank kartalaridagi mablagʻlarni yechib olgan va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Eng eʼtiborli jihati, xabarga koʻra, ushbu jinoiy guruh tarkibida banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik boʻlimi xodimi ham boʻlgan. Jinoiy yoʻl bilan topilgan jami 8 million AQSH dollari kriptovalyuta koʻrinishida soxta MCHJ orqali xorijiy davlatga chiqarilib, legallashtirilgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov davomida ushbu noqonuniy faoliyatga aloqador 10 nafar shaxs aniqlandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, biroq xabarda bank nomi va mablagʻlar qaysi davlatga chiqarilgani ochiqlanmagan.
Ulashish