Siyosat
Senat: murojaatlarni korib chiqish muddatlarini buzgan mansabdor shaxslarning javobgarligi korib chiqiladi
Oliy Majlis Senati kengashining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tog‘risida”gi qonun ijrosi hamda davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlar bilan ishlash holati muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat a’zolari, Prezident Xalq qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, vazirlik va idoralar mas’ullari, shuningdek, hududiy hokimliklar va mahalliy kengashlar rahbarlari ishtirok etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboeva boshqargan majlisda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh g‘oyasi – “Inson qadri uchun” tamoyili ekani alohida ta’kidlandi. Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy davlat tamoyili, eng avvalo, insonning huquq va manfaatlarini ta’minlash, uning tashvishlarini eshitish va muammolariga yechim topishda namoyon bo‘ladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralarimiz xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining asosiy mezoni hisoblanadi. Davlatimiz rahbari o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning dardu tashvishlarini bevosita eshitish va ularning muammolariga yechim topishga alohida e’tibor qaratdi.
Shu maqsadda Prezident Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona tashkil etildi, shaxsiy hamda sayyor qabullar tizimi yo‘lga qo‘yildi. Vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda mahalladagi mas’ullar fuqarolar muammolarini hal etish uchun zarur vakolat va imkoniyatlarga ega ekanligi qayd etildi.
Ko‘plab murojaatlar bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilayotganiga qaramay, ayrim hollarda bir masala yuzasidan takroriy murojaatlar qilish, fuqarolarning turli idoralar o‘rtasida sarson bo‘lishi va mahalliy darajada hal etilishi mumkin bo‘lgan muammolar bilan poytaxtga kelish holatlari hamon uchrayotgani tanqid qilindi.
Majlisda murojaatlar bilan ishlashda faqat ularni qabul qilish va ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, ularni tizimli ravishda bartaraf etish va fuqarolarning har bir murojaati bo‘yicha aniq natijaga erishish zarurligi qayd etildi.
Senatorlar har bir murojaat ortida insonning taqdiri, oilaning tashvishi borligini ta’kidlab, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini buzgan mansabdor shaxslarning javobgarligini ko‘rib chiqish, ijro intizomini muntazam muhokama qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar.
Bosh prokuraturaga murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish, hududiy hokimliklarga sayyor va shaxsiy qabullarni samarali tashkil etish vazifalari topshirildi. Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Ulashish