← Orqaga
searchTV.uz

Putin Xitoyga olib borgan yadro jomadoni: u aslida nima va yana kimlarda bor?

Rossiya davlat telekanali Xitoyda Vladimir Putinga hamrohlik qilayotgan zobit qo'lidagi qora jomadonni ko'rsatdi. Zobitning o'zi bu o'sha yadro jomadoni ekanini tasdiqladi. Ammo u kinolardagidek ishlamaydi: jomadondagi qizil tugmani bosib, raketani uchirib bo'lmaydi. Yadroviy jomadon ko'targan ofitser va Shenjen aeroportiga kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bu holat internetda va OAVda qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi. Yadro jomadoni haqidagi eng keng tarqalgan tasavvur shuki, undagi tugma bosilsa, raketa uchadi. Aslida bunday emas. Bu davlat rahbarini harbiy qo'mondonlik bilan bog'laydigan himoyalangan aloqa qurilmasi bo'lib hisoblanadi. Ushbu qurilma orqali yadro qurolini qo'llash haqidagi buyruq uzatiladi. Reuters agentligining tushuntirishicha, Rossiyaning Cheget deb ataladigan jomadoni raketalarni o'zi uchirmaydi, balki buyruqni Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabiga yetkazadi. Bunday tizimlar Sovuq urush davrida paydo bo'lgan. O'shanda rahbarlar yadroviy zarba haqidagi qarorni juda qisqa vaqtda qabul qilishga majbur bo'lishi mumkinligi ayon bo'lgandi. Hujum rahbar samolyotda, sammitda yoki mehmonxonada bo'lgan paytda ham boshlanishi mumkin. Al Jazeera ta'kidlashicha, bu tizim tiyib turish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Agar raqib javob zarbasi baribir berilishiga ishonsa, hujumdan tiyilishi mumkin. Cheget Kavkazdagi tog' nomi bilan atalgan va 1980-yillarning birinchi yarmida xizmatga kiritilgan. Rossiyada bunday jomadon uchta deb hisoblanadi: ular prezident, mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig'iga biriktirilgan. Buyruq kuchga kirishi uchun ulardan nechtasi tasdiq berishi kerakligi aniq ma'lum emas. Shenjendagi kadrlar bo'yicha Rossiya 1 jurnalisti Yevgeniy Popov Vladimir Putinga hamrohlik qilayotgan zobitni tasvirga oldi. Harbiy-dengiz floti formasidagi zobit qo'lida qora jomadon bor edi va u bu yadro jomadoni ekanini tasdiqladi.
Ulashish